06:20 To'rtliklar |
Tong otdi, olamda ming rasm ko‘rdim, Mehrli ko‘zlarni pok, ma’sum ko‘rdim. Hech kim zahar sepib, bol yiqqan emas, Gul kirgan uylarda tabassum ko‘rdim. * * * Ey zot, xanjar bilan sen dam talashma, Olam uyindasan, olam talashma. Mening o‘z dardimdir elimning dardi, O’z darding bo‘lmasa, qalam talashma. * * * Birlik - ko‘ngil bilan gulning birligi, Birlik - vijdon bilan tilning birligi. Birlik - to‘qson ikki bovli o‘zbekning – Ertadan umidvor elning birligi. * * * Olam ko‘zgusida ming sinar ko‘zgu, O’zimniki emas, hatto tush, uyqu... Bu nurlarga tartib kim berar ekan, Qachon bir idishga tushar bor og‘u?! * * * Yo‘q derlar, ishi bor bor bilan yo‘qning, Bo‘shliqdan o‘tar-ku yo‘li har o‘qning, Kuchlilar kuchsizga qo‘l uzatsalar, Qadri ortar edi har yengan cho‘g‘ning. * * * Bu yo‘lda biz necha qo‘rg‘ondan o‘tdik, Adirlar, qumlardan, darg‘ondan o‘tdik. Shoshmay, lekin qaytmay, haq deb har doim, Bizdan ancha oldda borg‘ondan o‘tdik. * * * Taning hech tinmasin o‘rgangan ishdan, Ko‘ngling - o‘zi suygan, o‘rtangan ishdan. Aqling elab tursin bori olamni, Shunda umring tinmas yangilanishdan. * * * Shimolda biz yozdan xazonga tushdik. Bu - janub. Yana «Yo ramozon!»ga tushdik. G’arbga ketdik - tubsiz qozonga tushdik. Sharqqa yurdik, yana ozonga tushdik. * * * Sen meni yolgonchi deding, ey ahmoq, Shu so‘zdan o‘lishim bilibsan biroq. Haq deb jon berurlar, sening maqsading Yolg‘onchi dunyoda ko‘proq yashamoq! * * * Dehqon o‘z xirmonin ko‘rmasin hech kam, Do‘stlar yig‘ilsinlar erta ham, kech ham. O’z yer, o‘z joyida yashasin ellar, O’z erkin boshqadan so‘ramay hech ham! |
|
Всего комментариев: 0 | |